1991 yil 14 sentyabrda – faollar guruhi o‘tish davrida manzilli ijtimoiy yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlari va guruhlari manfaatlarini ifoda etuvchi va ilgari suruvchi partiyani tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
1991 yil 1 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining I Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy partiya Ustavi va Dasturini qabul qildi, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi. Yangi tashkil topgan partiya Markaziy Kengashining birinchi kotibi etib Mahmudjon Mo‘minovich Rasulov saylandi.
Qurultoy ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Haftasiga uch marta o‘zbek tilida chop etiladigan «O‘zbekiston ovozi» gazetasi partiyaning markaziy bosma nashriga aylandi.
1991 yil dekabr oyida partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Dekabr oxiriga kelib partiyani tashkiliy rasmiylashtirish va uning hududiy tashkilotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida hamda mamlakatdagi barcha tuman va shaharlarda tashkil etish jarayoni yakunlandi.
1992 yil 1 yanvarda – ushbu sana holatiga ko‘ra, partiya safida 347,7 ming a’zo bo‘lib, ular 11,3 ming boshlang‘ich tashkilotlariga birlashdi.
1992 yil 5 martda – partiyaning rus tilidagi haftalik «Golos Uzbekistana» gazetasi chop etila boshlandi.
1994 yil 1 noyabrda – O‘zbekiston XDPning II qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1994 yil dekabr oyida mustaqil O‘zbekistonda Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga ilk o‘tkazilgan ko‘p partiyaviylik saylovida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qurultoyda partiyaning saylovoldi platformasi qabul qilindi. Partiya Ustaviga O‘zbekiston XDP deputatlik birlashmalarini shakllantirish va vakillik davlat hokimiyati organlaridagi faoliyati tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Abdulhofiz Marahimovich Jalolov partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib saylandi.
1995 yil yanvarda – saylov yakunlari bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesida, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, barcha tuman va shaharlar Kengashlarida partiya guruhlari tashkil etildi.
1999 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston XDP III qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy mustaqil O‘zbekistonni isloh qilish va demokratik modernizatsiyalash borasidagi navbatdagi bosqichi vazifalarini e’tiborga olgan holda partiyaning ustuvorliklarini aniqlashtiruvchi yangi Dasturni qabul qildi.
Qurultoy partiyaning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari manfaatlari va ehtiyojlariga yo‘naltirilganligini hamda uning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoy samaradorligini oshirish ustuvorliklariga sodiqligini tasdiqladi.
Qurultoy partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy davlat vakillik organlariga navbatdagi saylovdagi ishtiroki to‘g‘risida hamda 2000 yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘p partiyaviylik asosida ilk bora o‘tkazilgan saylovda ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qildi. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi birinchi kotibi Abdulhofiz Marahimovich Jalolov partiyadan Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan.
2000 yil yanvar – 1999 yildagi davlat hokimiyati vakillik organlariga ikkinchi chaqiriq umumxalq saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Xalq deputatlari barcha viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP partiya guruhlari tashkil etildi.
2001 yil dekabr – partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini ikki palatali parlamentga aylantirish masalalari bo‘yicha referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.
2002 – 2003 yillar – partiyaning parlamentdagi fraksiyasi 2002 yil 27 yanvardagi referendum yakunlari bo‘yicha ikki palatali parlamentni shakllantirishga qaratilgan qonun loyihalarini muhokama etish va qabul qilishda faol ishtirok etgan.
2003 yil 15 mart – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi V plenumida parlament sohasida avj olayotgan islohotlar munosabati bilan partiyaning ustuvor vazifalari belgilandi.
2003 yil 27 dekabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumida Asliddin Ashurbayevich Rustamov MK birinchi kotibi etib saylandi.
2004 yil 4 noyabrda partiya Markaziy Kengashi Ijroqo‘mi bayonot bilan chiqdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatning siyosiy hayotida so‘l qanotni egallaydi va bozor sharoitlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj ijtimoiy guruhlar va aholi qatlamlari himoyachisi sifatida maydonga chiqqanini ma’lum qildi.
2004 yil 6 noyabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatdi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2004 yil saylovida Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
Shuningdek, partiya Ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.
2005 yil yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangi ikki palatali parlamentga ilk bor bo‘lib o‘tgan ko‘ppartiyaviylik saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida son jihatdan ikkinchi fraksiyani shakllantirdi. Shuningdek, partiya o‘z o‘rnini kuchaytirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP guruhlari tashkil etildi.
2005 yil 17 fevralda – O‘zbekiston XDP fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP, «Fidokorlar» XDP va «Adolat» SDP fraksiyalarining Demokratik blokka birlashishiga, ya’ni parlamentdagi ko‘pchilikni tashkiliy rasmiylashtirilishiga javoban o‘z zimmasiga parlamentdagi ozchilik muholifat rolini olishi haqida e’lon qildi.
2005 yil 1 iyunda – Markaziy Kengash tomonidan iyul oyi boshida partiyaning so‘l siyosiy platformasiga mos bo‘lgan va parlament Qonunchilik palatasiga 2004 yil saylovi natijalarini hisobga oladigan partiyaning yangi Dasturini qabul qilish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining V qurultoyini chaqirish haqidagi qaror qabul qilindi.
2005 yil 2 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Vqurultoyi bo‘lib o‘tdi, u barcha sohalarda partiyani chuqur isloh qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatmalarni ishlab chiqdi. Qurultoy xalq demokratiyasi umume’tirof etilgan tamoyillari — ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlikka asoslangan partiyaning yangi Dasturini qabul qildi.
Qurultoyda partiyaning «butun xalq» partiyasi bo‘lishga oid xomxayolligidan ozod bo‘lish sari amaliy qadamlar qilindi. Partiya tashkil topgandan keyin ilk bor uning Dasturida doimiy elektorati — ijtimoiy ko‘makka muhtoj va partiyaning siyosiy faoliyati uchun manfaatlarini belgilovchi hisoblangan aholi qatlamlari aniq belgilandi.
2005 yil 9 iyulda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining III plenumida partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan umumpartiyaviy Harakat dasturi qabul qilindi. Plenumda Latif Yoqubovich G‘ulomov O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.
2005 yil iyul–avgustda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarida plenumlar va partiya faollari yig‘ilishlarida O‘zbekiston XDP tashkilotlarining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini faollashtirish, roli va mas’uliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar keng muhokama etildi.
2005 yil 30 noyabrda – partiyaning Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzurida Xalq demokratik partiyasi Jamoatchilik qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2005 yil dekabr – 2006 yil yanvar – partiyaning «Faol ayollar» va «Istiqbol» yoshlar qanotlari tashkil etildi va ularning jamoat kengashlari shakllantirildi.
2006 yil yanvar–avgust – partiya a’zolarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazdi. Uning amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston XDPning turli sabablarga ko‘ra partiya tashkilotlari ishida va partiya hayotida ishtirok etmagan, o‘zining ustav vazifalarini bajarmagan, partiya mafkurasini qo‘llab-quvvatlamagan yoki o‘z tashkilotlari bilan aloqani yo‘qotgan passiv a’zolardan holi bo‘lganini ta’kidlash mumkin.
2006 yil 7–10 sentyabr – O‘zbekiston XDP delegatsiyasi Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari Xalqaro konferensiyasining IV Bosh Assambleyasi ishida qatnashdi.
2007 yil 3 oktyabr – partiya Markaziy Kengashining VII plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2007 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2007 yil 5 noyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining VI qurultoyi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida partiyadan Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Asliddin Ashurbayevich Rustamov ko‘rsatildi.
2008 yil 3 dekabr – partiya tizimida ilk bor yosh siyosatchilar tanlovi «Yosh siyosatchi – 2008» o‘tkazildi, u o‘sha vaqtdan boshlab har yili 4 ta bosqichda — boshlang‘ich partiya tashkilotlari darajasidan boshlab o‘tkaziladi.
2009 yil 10 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining VII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy partiya markaziy organlari yangi tarkibini shakllantirdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatdi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2009 yildagi saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
2010 yil yanvarda – saylov yakunlari bo‘yicha Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining yangi tarkibi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri va tuman (shahar) kegashlarida partiya guruhlari shakllantirildi.
2010 yil 11 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining II plenumi bo‘lib o‘tdi, unda partiya 2009 yildagi saylovda ilgari surgan dasturiy maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha 2010-2014 yillarga mo‘ljallangan umumpartiyaviy amaliy harakatlar Dasturi qabul qilindi.
2010 yil 19 noyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining III plenumi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni amalga oshirishda partiyaning amaliy ishtirokiga doir vazifalar belgilandi. Plenum partiyaning 2010-2014 yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar Dasturiga tegishli qo‘shimcha va aniqliklarni kiritdi.
2013 yil 24 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi VIII plenumida Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov Markaziy Kengash raisi etib saylandi.
2014 yil 19 sentyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi X plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2014 yil saylovida Xalq demokratik partiyasi ishtiroki to‘g‘risida hamda shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi VIII qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2014 yil 5 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2014 yil saylovida Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan chaqirilgan O‘zbekiston XDP VIII qurultoyida partiya markaziy organlari amaldagi tarkibi shakllantirildi. Qurultoy 2014 yildagi saylovda O‘zbekiston XDPning Saylovoldi dasturini tasdiqladi va u 2019 yilgacha bo‘lgan davrda partiyaning amaldagi dasturiy hujjati hisoblanadi. 2005 yilda qabul qilingan partiya Dasturiga nisbatan ushbu Dasturda partiyaning dasturiy ustuvorliklari va maqsadlari uning doimiy elektorati bazaviy manfaatlaridan kelib chiqib aniqlashtirilgan, bu esa partiyaning siyosiy o‘ziga xosligini mustahkamlashga ko‘maklashdi.
2015 yil yanvarda – 2014 yil saylovi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va barcha tuman va shahar Kengashlarida partiya guruhlarining yangi tarkibi shakllantirildi va u deputatlik korpusida quyidagi vakillikka ega:
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi – 27 deputat;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari – 210 deputat;
- xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari – 1646 deputat.
2015 yil 15 yanvarda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi II plenumi partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi IX qurultoyini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2015 yil 9 fevralda – O‘zbekiston XDP IX qurultoyi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Qurultoy, shuningdek, partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qildi. Qurultoyning tegishli qarori bilan uning Saylovoldi dasturi ma’qullandi.
2015 yil 16 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 25-1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi o‘zini O‘zLiDeP va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarini birlashtiruvchi va parlament ko‘pchiligini tashkil etuvchi Demokratik kuchlar blokiga nisbatan muholifat deb e’lon qilish haqida qaror qabul qildi.
Ushbu qaror shu bilan izohlandiki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hukumatning Harakatlar dasturi bilan ko‘zda tutilgan qator muhim iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni hal etish yo‘lida saylovoldi dasturida aks etgan o‘z nuqtai nazariga ega.
Bunda fraksiya bayonotida qayd etilishicha, tegishli ustuvor masalalar yuzasidan O‘zbekiston XDP fraksiyasi Demokratik kuchlar blokiga birlashgan partiyalar dasturiy yondashuvlariga to‘g‘ri kelmaydigan o‘z yechimlari yo‘llarini taklif etish va himoya qilishga tayyor.
2015 yil 9 aprelda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi III plenumi demokratik islohotlarning bugungi bosqichida O‘zXDP tashkilotlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqidagi masalani ko‘rib chiqib, partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturini qabul qildi.
2016 yil 17 sentyabrda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VI plenumida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi X qurultoyini chaqirish to‘g‘risida masala ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
2016 yil 14 oktyabrda – O‘zbekiston XDP X qurultoyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Qurultoy, shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya Markaziy Kengashi raisi Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod etib ko‘rsatish haqida qaror qabul qildi. Qurultoyning tegishli qarori bilan uning Saylovoldi dasturi ma’qullandi. Qurultoy partiya Ustaviga ham muayyan o‘zgarishlar kiritdi.
2017 yil 31 martda – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining VII plenumi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari Harakatlar strategiyasini amalga oshirilishi bo‘yicha Davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalarni ko‘rib chiqdi va partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi.
2021 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, partiya a‘zolarining umumiy soni 520 ming kishidan ziyodni tashkil etadi. Partiya a‘zolarining 49 foizi ayollar, 51 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Partiya ko‘p millatli tarkibga ega va 47 millat va elat vakillarini birlashtiradi.
Partiya tuzilishiga ko‘ra, 1 ta markaziy, 14 ta hududiy – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar hamda 22 shahar va 179 tuman tashkilotlari, shuningdek, partiya a‘zolarini ish joyi va yashash joyi bo‘yicha birlashtirgan 10 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlari mavjud.