23.09.2024

245

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 19 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Komissiya raisi Z.Kamalov boshqargan majlisda Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

 

Ta’kidlanganidek, Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 65 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bittadan nomzod, jami 325 nafar nomzod to‘g‘risidagi arizalar "e-saylov" tizimi orqali komissiyaga yuborilgan.

 

Majlisda partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ushbu nomzodlarni Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ro‘yxatga olingan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-sayt va mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.

 

 

Shuningdek, majlisda saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti joriy yilning 22 sentyabr sanasidan boshlanishi va bu jarayon saylov kuni hamda ovoz berishga bir kun qolganda to‘xtatilishi ma’lum qilindi.

 

Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga mahalliy tele va radiokanallarda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti hamda “Еркин Қарақалпақстан”, “Вести Каракалпакстана” va “Қорақалпоғистон тонги” gazetalarida bir xil bosma maydon ajratilishi bo‘yicha ham qaror qabul qilindi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining

Matbuot markazi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur