XALQARO KUZATUVCHILAR MISSIYASI RAHBARI SAYLOV KOMISSIYASI FAOLIYATI BILAN TANISHDI 

18.10.2024

174

msk_yangiliklari_in

Bugun, ya’ni 18-oktyabr kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan uzoq muddatli kuzatuvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib, komissiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

 

Xalqaro kuzatuvchilarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ziyuatdin Kamalov kutib oldi.

 

Mehmonlar dastlab, saylov komissiyasi joylashgan binoda komissiya faoliyati va saylovga oid peshlavhalar bilan tanishdi va ularda aks etgan ko‘rinishlar bo‘yicha ma’lumot olishdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi Matbuot markazi hamda komissiya a’zolarining ish xonalari, konferensiya zali bilan tanishdi.

 

       

 

 Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ziyuatdin Kamalov bilan YEXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas, byurodan saylovlarini kuzatish uchun tashrif buyurgan uzoq muddatli kuzatuvchilar koordinatori Yasmina Frakassetti, uzoq muddatli kuzatuvchilar Karl Petersen, Rudolf Mattias Fredrix Dr.Sakenxaym muloqot o‘tkazildi.

 

Muloqot chog‘ida mehmonlarga joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari saylovlari o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.

 

       

 

Shuningdek, muloqot davomida kuzatuvchilar missiyasi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javoblar olishdi. Xususan, joylardagi saylov komissiyalarining saylovlargacha o‘quv seminarlarda ishtirok etganligi, tajribalari, shu bilan birga Qoraqalpog‘istonning chekka tumanlarida saylovchilar soni va saylovni o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarliklar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

 

Muloqot yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ziyuatdin Kamalov ayni vaqtda barcha hududlarda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga muvofiq tayyorgarlik ishlari davom etayotganini, ushbu siyosiy tadbirlarning ochiq va oshkora o‘tishida xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar institutining o‘rni muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

 

O‘z navbatida YEXHT DIIHB missiyasi rahbari Komissiya raisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi

 

       

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur