Xo‘jayli tumanidagi saylov uchastkalariga press-tur tashkil etildi

19.10.2024

25

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 18 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining media tadbirlar rejasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazuvchi Xo‘jayli tumanidagi saylov uchastkalariga press-tur tashkil etildi.

 

Ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy saylov komissiyasi va Matbuot markazi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, ularga saylovni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

 

                   

 

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi a’zolari bilan birgalikda Xo‘jayli tumanidagi 515-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Uchastka raisi va a’zolari jurnalistlarga saylov kuni jarayonlarini batafsil tushuntirib berdi.

 

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari 512-saylov uchastkasida bo‘lib, bu yerdagi tayyorgarlik ishlari, 27 oktyabr kuni uchastkaga kelib ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, imkoniyati cheklangan yoki keksalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ham ma’lumot olishdi.

 

                      

 

Qayd etilganidek, ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holati yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan taqdirda, ularning iltimosiga ko‘ra uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni shu fuqaro turgan joy bo‘yicha, ko‘chma ovoz berish qutilaridan foydalangan holda tashkil etadi.

 

Ma’lumot uchun, Xo‘jayli tumani bo‘yicha ayni paytda 36 ta uchastka saylov komissiyasi tuzilgan bo‘lib, umumiy saylovchilar soni 77 mingdan ziyodni tashkil etadi.

 

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining

Matbuot markazi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur