NUKUS SHAHRIDA SAYLOV UCHASTKALARI SIYOSIY TADBIRNI O‘TKAZISHGA TAYYOR

27.09.2024

180

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va shahar va tuman Kengashlariga deputatlar saylovini o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in pallaga kirdi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Saylov to‘g‘risi da”gi Qonuni asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan uchastka saylov komissiyalarining tarkibi tasdiqlandi. Bo‘lib o‘tadigan siyosiy tadbirda 654 uchastka saylov komissiyasiga 6 ming 998 nafar a’zolar tarkibi tasdiqlandi.

 

 

Uchastka saylov komissiyalarining 5 ming 631 nafari avval ham shu kabi saylovlarda ishtirok etgan tajribali xodimlardir.

 

- Siyosiy tadbirga saylov uchastkasida puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda, - deydi Nukus shahridagi 9-uchastka saylov komissiyasi raisi Maxmud Djoldasov. – Saylov qonunchiligida belgilangan tartibda saylov komissiyasi o‘z faoliyatini olib borishi uchun zarur jihozlar, huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Ayni vaqtda komissiya a’zolari hududdagi saylovchilar ro‘yxatini yana bir bor xatlovdan o‘tkazib, kalendar rejaga muvofiq saylovga tayyorgarlik ishlarini olib borishmoqda.

 

 

Saylov kuni keksa yoshli, yoki, betobligi va boshqa sababga ko‘ra, saylov uchastkasiga kela olmaydigan saylovchilar uchun xonadoniga borib ovoz berishni tashkil etish uchun maxsus ko‘chma saylov qutilari ham tashkil etilgan. Shuningdek, nogironligi bor shaxslar saylov uchastkasiga kelib ovoz berishi uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan saylovni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha muntazam ko‘rsatma va tavsiyalar berib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, 9-saylov uchastkasi 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarga to‘liq tayyor holatga keltirildi.

 

 

Qoraqalpog‘istondagi saylov uchastkalarning 547 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 32 tasi kollej va litseylarda, 7 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 12 tasi davlatga qarashli korxona-tashkilotlarda, 34 tasi madaniyat va sport markazlarida, 12 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 2 tasi mahalla idoralarida, 4 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 2 tasi adliya bo‘limlariga tegishli va 2 tasi tadbirkorlarga tegishli binolarda faoliyat olib boradi.

 

 

Ma’lumot uchun: Bo‘lajak saylovlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 4 nafar deputat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi 65 deputat, shahar va tuman Kengashlariga 375 nafar deputatlar saylanadi. Saylovlarda 2 200 nafardan ortiq nomzodlar ishtirok etmoqda. Joylarda saylov jarayonlarini tashkil etish va bevosita o‘tkazishda 10 mingdan ortiq Saylov komissiyalari a’zolari hamda 6 mingdan ortiq ishonchli vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur