Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiyalarning hududiy kengashlarining vakolatli vakillari tomonidan hududlardan yig‘ilgan imzo varaqalarini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Saylov to‘g‘risida”gi Qonunining 39-moddasida imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirish tartibi belgilangan. Unda imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok qilishi belgilangan.
Imzo varaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 1-avgustdagi 53-sonli “Imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhini tuzish to‘g‘risida”gi qarori bilan tuzilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolaridan iborat Ekspert guruhi tomonidan qabul etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida tuzilgan Ekspert guruhiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotining vakolatli vakillari tomonidan hududlardan yig‘ilgan imzo varaqalari topshirildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari saylov komissiyasidagi Ekspert guruhi tomonidan 5 kun davomida o‘rganilib, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.